Ona tili-bu millatning ruhidir

stefani77777 Kollejda bugungi kunda, Kollejda uchrashuv, Мероприятия No Comments »

                                                                                 Har bir millatning dunyoda

                                                                                   borlig’in     ko’rsatadurg’on

                                                                                 oyinayi hayoti til va adabi-

                                                                                       yotidir. Milliy tilni yo’qotmak

                                                                                          millatning ruhini yo’qotmakdir.

                                                                                                                 Abdulla  Avloniy

       Har bir millatning o’zligini aks ettiruvchi ko’zgusi bu- uning ona tilidir. Ona tili har bir insonning eng ulug’ ustozidir.  Ona tili vositasida inson olamni anglaydi, atrofidagilar bilan muloqotga kirishib , bilimlarni puxta egallaydi. O’z tilini e’zozlash-o’z avlodini ardoqlashdir. O’zbek xalqi ham o’zining ona tilini ardoqlab, uning serjilo ohanglaridan faxrlangan xalqdir. O’zbek tili O’zbekiston Respublikasining davlat tili hisoblanadi. O’zbek tili O’zbekiston, Tojikiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Afg’oniston hududida keng tarqalgan bo’lib, hozirgi kunda o’zbek  tilida  millionlab odamlar so’zlashadi.  O’zbek tili  turkiy tillar guruhiga mansub yirik tillardan biri sanaladi. Ona tilimizda juda ko’plab nodir asarlar yaratilgan. Chiroyli ash’orlar bitilgan. Tilimizning takomillashuvida XIV-XIX asrning ikkinchi yarmigacha bo’lgan davr katta ahamiyat kasb etgan bo’lsa, XV asr o’zbek  tilining gullagan davri hisoblanadi. Bu davrda Xuroson davlatida Husayn Boyqaro o’zbek tiliga davlat tili maqomini berdi. Husayn Boyqaro Xuroson davlatini qattiqqo’llik bilan boshqargan bo’lsa-da, uning zamonida Hirotda ilm-fan, adabiyotga alohida e’tibor berildi. “Husayniy” taxallusi bilan g’azallar yozgan hukmdor o’zbek tiliga katta ehtirom ko’rsatib, o’z xalqiga bo’lgan munsabatini bildirdi.  Temuriylar davrida o’z tarqqiyotining yuqori bosqichiga ko’tarilgan o’zbek tili o’z navbatida chet tillariga ham o’z ta’sirini o’tkazganligini alohida aytib o’tish joiz.  O’zbek tiliga tegishli so’zlar  boshqa tillarga kirib borib, lug’at tarkibida yaxlitlanib qolgan. Xususan, hind tili tarkibidagi mavhum otlarning ko’pchiligi, vulgarizmlar aynan bizning tilimizdan kirib borgan.

Sobiq Ittifoq davrida davlat tili rus tili hisoblanganligi bois ona tilimizning mavqeyi bir oz pasaydi. Ammo Islom Abdug’aniyevich Karimov tashabbusi bilan 1989-yil 21-oktabrda bo’lib o’tgan O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining

11- sessiyasida o’zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.  Islom Abdug’aniyevich Karimov o’zbek xalqining milliy tiliga davlat tili maqomini berish tasshabbusi bilan chiqib, nafaqat ona tilimizning qadr-qimmatini oshirdi, balki o’zbek xalqiga bo’lgan chinakam muhabbat va hurmatini ifoda etdi.  Chunki “Til millatning birinchi haqqidir…” Haqiqatan ham, milliy til- millatning o’zligini aks ettiradi.

Milliy tilni sevmoq nafaqat millatni, vatanni ham sevmoq emasmi. “O’z vataningga bo’lgan chinakam muhabbatingni  o’z tilingga bo’lgan muhabbatingsiz tasavvur etish mumkin emas” (K. Paustovskiy). Chindan ham, ona vatanga muhabbat ona tiliga muhabbatdir. Ona tiliga ehtirom ko’rsatish ona xalqini e’zozlash hamdir. O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti   Islom Abdug’aniyevich Karimov ona vatani va ona xalqini chin yurakdan sevib, ardoqlagan yetuk inson edi. O’zbek xalqi  hamisha ona tilini e’zozlagan insonlarni qalbida saqlaydi.  Islom Abdug’aniyevich Karimovning quyidagi so’zlari har doim yodimizda. “Ma’lmki, o’zlikni anglash milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o’rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog’liqlik til orqali namoyon bo’ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu- millatning ruhidir”.

Read the rest of this page »

WP Theme & Icons by N.Design Studio
Entries RSS Comments RSS Войти